Admin 06-11-2024 09:35 83

5-noyabr kuni Shanxay shahrida yettinchi Xitoy xalqaro import mahsulotlari ko‘rgazmasining rasmiy ochilish marosimi doirasida xalqaro iqtisodiy forum o‘tkazildi

Tadbirda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim, Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Mo‘g‘uliston Bosh vaziri Luvsannamsrayn Oyuun-Erdene, Serbiya Bosh vaziri Milosh Vuchevich, Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala (videomurojaat orqali) hamda BMT Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (YUNKTAD) bosh kotibi Rebeka Grinspan (videomurojaat orqali), Slovakiya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Pokiston, Indoneziya, Nikaragua, Tanzaniya kabi 182 mamlakat, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo va investitsiyaviy hamkori hisoblanadi. O‘tgan yil tovar ayirboshlash 14 milliard dollarga yetdi, yaqin istiqbolda bu miqdorni 20 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyat va eng muhimi, birgalikda rivojlanish uchun xohish borligi ma‘qullandi.

Oxirgi yillarda Xitoydan respublikamizga jalb qilinayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya besh karra, qo‘shma korxonalar soni uch barobar oshdi. Qo‘shma loyihalar to‘plami 53 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi.

Xitoylik hamkorlar bilan birga energetika, kimyo, mashinasozlik, to‘qimachilik, qurilish materiallari, maishiy texnika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Anjumanda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakat dunyoga ochilayotgani, investitsiya salohiyati yuksalayotgani, sarmoyadorlarga yaratilayotgan qulayliklar izchil kengaytirilayotgani haqida ham so‘z yuritildi.

2030-yilgacha “yashil” energiya manbalarini 40 foizga yetkazish borasida ish olib borilmoqda.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston barcha davlatlar bilan turli sohalarda aloqalarni kengaytirish, jumladan tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor.

Forumdan so‘ng delegatsiyalar rahbarlari 73 davlat qatnashayotgan ko‘rgazma faoliyati bilan tanishdi.

Xususan, “Made in Uzbekistan” nomli pavilonimizda sanoat, geologiya, elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, farmatsevtika, turizm, axborot texnologiyalari, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazma 10-noyabrga qadar davom etadi.

Hamkorlar