Admin 05-12-2020 10:01 922

“Oʼquvenergoqurilish” NTM: “Gidrotexnik inshootlarni xavfsiz ekspluatatsiya qilish” yoʼnalishida malaka oshirish kurslari tashkil etildi

“Oʼzbekgidroenergo” АJ tizimida kadrlar tayyorlash, xodimlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash maqsadida “Oʼquvenergoqurilish” nodavlat taʼlim muassasasida tizimdagi qurilish va gidroelektr stantsiyalar masʼul xodimlari uchun “Gidrotexnik inshootlarni xavfsiz ekspluatatsiya qilish” yoʼnalishida malaka oshirish kurslari tashkil etildi.

Malaka oshirish kurslarida 20 nafarga yaqin tinglovchilar faol ishtirok etdi.

Ushbu yoʼnalish boʼyicha oʼquv dasturlariga tajribali va malakali mutaxassislar jalb etildi. Xususan, Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi M.T. Oʼrozboev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi institutining professori, texnika fanlari doktori D. Salyamova tomonidan seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligi va seysmik xavfsizligi, foydalanishda boʼlgan va foydalanishga topshiriladigan bino va inshootlar, respublika hududida joylashgan suv omborlari va gidrotexnika inshootlarining seysmik mustahkamligi boʼyicha maxsus maʼruzalar taqdim etildi.

Fanlar akademiyasining Gʼ.O. Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti katta ilmiy xodimi, g.-m.f. boʼyicha falsafa doktori (PhD) Sh.I. Yodgorov tomonidan seysmologiya fani va uning vazifalari, seysmik xavf tushunchasi, seysmik xavfni baholash va tumanlashtirish (rayonlashtirish) uslublari, umumiy va mufassal seysmik rayonlashtirish, seysmik rayonlashtirish uslublari, suv va gidroenergetika inshootlarining seysmik holatini baholash boʼyicha ekspress uslub, seysmik kuzatuvlar tarmoqlaridan foydalanish borasida uslubiy-taqdimot shaklidagi oʼquvlar tashkil etildi.

Oʼzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi direktori Q. Qoʼchqorov tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi hududida va transchegaraviy hududlarda seysmik vaziyatning doimiy monitoringini olib borish, zilzilalarni va transchegaraviy zonalarni aniqlash va roʼyxatga olish, barcha seysmikstantsiyalar tarmogʼi boʼylab kuchli zilzilalarning parametrlarini tezkor baholash maqsadida avtomatik va avtomatlashtirilgan rejimlarda qabul qilingan maʼlumotlarni qayta ishlash, FVVga seysmik maʼlumotlarni qayta ishlash natijalarini (zilzila koʼrsatkichlarini) oʼtkazish, xalqaro seysmik markazlar bilan kuzatuv maʼlumotlarini almashish va gidrotexnik inshootlardagi kuzatuv ishlarini tashkil etish hamda ularning elektr taʼminoti, aloqa, signalizatsiya va yoritish tizimlariga boʼlgan talablarga doir asosiy tushunchalar borasida tinglovchilarga batafsil maʼlumotlar berildi.

“Oʼzbekgidroenergo” АJ Gidrotexnik inshootlarni xavfsiz ekspluatatsiya qilish boʼlimi boshligʼi Sh. Tolipov tomonidan Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi va ulardan foydalanishda zarur boʼladigan hujjatlar, umumiy xavfsizlik talablari, maxsus uskunalar bilan jihozlanganligi, texnik holatining natura kuzatuvi (monitoringi), nazoratni tashkillashtirish talablari va sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etilishi, gidrotexnika inshootlarining mustahkamligini taʼminlashning zamonaviy uslublari bilan bogʼliq mavzularda mazmunli va amaliy taqdimot shaklidagi maʼruzalar oʼtkazildi.

Taʼkidlash joizki, “Gidrotexnik inshootlarni xavfsiz ekspluatatsiya qilish” yoʼnalishida tashkil etilgan malaka oshirish kurslari sifatli, zamonaviy ilmiy-metodologik shaklda hamda yuqori darajada oʼtkazildi.

Аxborot xizmati

Hamkorlar