Kapital bozorini rivojlantirish agentligi va “Oʼzbekgidroenergo” АJ oʼrtasida “Har taraflama hamkorlik boʼyicha oʼzaro hamfikrlilik toʼgʼrisidagi memorandum” imzolandi
________________________________________
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga yoʼllangan Murojaatnomada “... Mamlakatimizda Islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish boʼyicha huquqiy bazani yaratish vaqt-soati yetib keldi. Bu borada Islom taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlari ekspertlari jalb etiladi”, deb qayd etilgan. Bu esa, albatta, mamlakatimiz uchun ushbu sohada amalga oshirilishi mumkin boʼlgan tadbirlarning oʼziga xos amaliy-tashkiliy asosi hisoblanadi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilda “Oʼzbekgidroenergo” АJning xalqaro moliya bozoriga chiqib, davlat kafolatisiz mablagʼlarni jalb qilish imkoniyatiga ega boʼlishining qayd etilgani, Jamiyatimizga ishonch va faxr tuygʼusi bilan bir qatorda, alohida masʼuliyatni ham yukladi.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan Jamiyatimizga bildirilgan ishonchni oqlash hamda qoʼyilgan vazifalarni oʼz vaqtida samarali amalga oshirish maqsadida, mazkur sohada katta tajribaga ega Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bilan tegishli amaliy muzokaralar oʼtkazildi.
Bugun, 2 fevralь kuni, Oʼzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi va “Oʼzbekgidroenergo” АJ oʼrtasida “Har taraflama hamkorlik boʼyicha oʼzaro hamfikrlilik memorandumi” imzolandi.
Mazkur Memorandumga muvofiq, “Oʼzbekgidroenergo” АJning mahalliy va xorijiy kapital bozorlariga chiqishi boʼyicha hamkorlik qilish, qimmatli qogʼozlar, shu jumladan, Islom tamoyillariga asoslangan sukuk qimmatli qogʼozlarni chiqarish orqali investitsiya faoliyatini rivojlantirishga koʼmaklashish hamda tomonlarning oʼzaro manfaatlarini ifodalovchi boshqa faoliyat turlarining muhim yoʼnalishlari boʼyicha kelishuvga erishildi.
Shu bilan birga, tegishli chora-tadbirlar ijrosi natijasida joriy yilning iyulь-avgust oylarida obligatsiyalarni chiqarish rejalashtirilmoqda.
Bu borada, “Oʼzbekgidroenergo” АJ ham oʼz ishlab chiqarish xususiyatidan kelib chiqqan holda, “yashil” islomiy obligatsiyalarni chiqarish boʼyicha izchil izlanishlar olib bormoqda. Xususan, bugungi kunga qadar Jamiyatimiz bir qator nufuzli xorijiy investitsiya banklari, xususan, АQShning “Citibank”, “JPMorgan Shase”, Shveytsariyaning “Credit Suisse”, Birlashgan Аrab Аmirliklarining “Emirates NBD”, Frantsiyaning “Societe Generale” singari nufuzli banklar bilan islomiy obligatsiyalarni joylashtirish boʼyicha muzokaralar olib bordi.
Oʼylaymizki, mazkur kelishuv “Oʼzbekgidroenergo” АJning mahalliy kapital bozoridagi rolini oshirish, korxonaning korporativ boshqaruvini takomillashtirish va investitsiya faoliyatini jadal rivojlantirishga xizmat qiladi.