Admin 23-02-2021 12:14 246

Navoiy viloyati hamda gidroenergetika tarmogʼidagi investitsiya loyihalari taqdimot qilindi

Navoiy viloyati hamda gidroenergetika tarmogʼidagi investitsiya loyihalari taqdimot qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoev 22 fevralь kuni Navoiy viloyatida hamda gidroenergetika tarmogʼida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Navoiy viloyati – sanoatlashgan hudud. Togʼ-kon, kimyo, qurilish materiallari va toʼqimachilik tarmoqlari viloyat iqtisodiyotining “drayver”lari hisoblanadi. Bu yerda yiliga 65 trillion soʼmlikdan ziyod sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi.

Joriy yilda Navoiy viloyatida 576 ta loyiha amalga oshirilishi moʼljallangan. Ularning umumiy qiymati 18 trillion 600 milliard soʼm. Sohalar kesimida aytganda, loyihalarning 200 tasi sanoat, 179 tasi xizmat koʼrsatish, 197 tasi qishloq xoʼjaligi tarmoqlarida. Bularning natijasida qariyb 18 trillion soʼmlik ishlab chiqarish quvvati tashkil etilib, 16 mingta ish oʼrin yaratiladi. 123 million dollarlik import oʼrnini bosuvchi mahsulot tayyorlanib, 125 million dollarlik eksport taʼminlanishi koʼzda tutilgan.

Xususan, qurilish materiallari tarmogʼida akril tosh, bazalьt panellar, yogʼoch tolali plitalar, pol va devor uchun qoplamalar, shisha mahsulotlari ishlab chiqarish yoʼlga qoʼyiladi. Misol uchun, Zarafshon shahrida oyna korxonasini shu yil dekabrda ishga tushirish rejalashtirilgan. Unda 350 kishi mehnat qiladi.  

Kimyo sanoatida 20 ta loyiha shakllantirilgan boʼlib, joriy yilda 9 tasi foydalanishga topshiriladi. Natijada talab yuqori yangi mahsulotlar oʼzlashtirilib, 430 dan ziyod kishining bandligi taʼminlanadi.

Toʼqimachilik tarmogʼidagi loyihalar ham istiqbolli. Xususan, joriy yilda barcha shahar va tumanlarda 28 ta korxona tashkil etilib, 5 ming 800 ga yaqin ish oʼrni yaratilishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari loyihalarni sifatli, ilmiy yondashgan holda amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etib, qoʼshimcha qiymat yaratish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarib, eksportga yoʼnaltirish yuzasidan koʼrsatmalar berdi.

Oʼzbekiston Prezidentining 2017 yil 2 maydagi qarori bilan 2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi maʼqullangan edi. Bu dasturga jami 3 milliard 400 million dollarlik 65 loyiha kiritilgan boʼlib, shundan 34 tasi yangi quvvatlar tashkil etish, 31 tasi mavjudlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan. Bugungi kunda 1 ming 100 megavattlik 12 ta loyiha ishga tushirilgan. 950 megavattlik yana 20 ta loyiha yakuniy bosqichda amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda umumiy qiymati 1 milliard 420 million dollar boʼlgan 16 ta loyiha rejalashtirilgan. Xususan, 11 ta yangi gidro elektr stantsiyasi qurilib, 587 megavatt elektr quvvati yaratiladi. Qolgan 5 ta loyihaga koʼra, mavjud stantsiyalar modernizatsiya qilinib, ishlab chiqarish imkoniyati kengaytiriladi.

 Taqdimotda sohani transformatsiya qilish boʼyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham maʼlumot berildi.

Prezident loyihalarni yana bir bor qayta koʼrib chiqib, sifat jihatidan takomillashtirish yuzasidan koʼrsatmalar berdi.

Hamkorlar