Admin 19-12-2020 09:26 1034

“Oʼquvenergoqurilish” NTM: “Oʼzbekiston milliy elektr tarmoqlari” АJ tarkibidagi Milliy dispetcherlik markaziga amaliy tashrif

2020 yil 18 dekabrь kuni “Oʼzbekgidroenergo” АJ tasarrufidagi “Oʼquvenergoqurilish” nodavlat taʼlim muassasasining navbatdagi oʼquv kurslari bitiruvchilari uchun “Oʼzbekiston milliy elektr tarmoqlari” АJ tarkibidagi Milliy dispetcherlik markaziga amaliy tashrif tashkil qilindi.

Tinglovchilar tarkibidan “Toʼpolang GES” UKning Zarchob 1-KGES boʼlimiga joriy yilning boshida ishga qabul qilingan istiqbolli yosh mutaxassislar oʼrin olgan. Xabaringiz bor, “Oʼzbekgidroenergo” АJ tomonidan Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida loyihaviy quvvati 37,4 MVt boʼlgan Zarchob-1 kichik gidroelektr stantsiyasini barpo etish ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Tasdiqlangan rejaga muvofiq, hozirgi kunda Zarchob 1-KGESda qurilish ishlari yakunlanib, asosiy uskunalarning montaj ishlari boshlab yuborilgan.

Milliy dispetcherlik markazida tinglovchilarga Markazning rejim masalalari boʼyicha muhandisi Аzimjon Xalilov tomonidan energotizim hamda uning asosiy yoʼnalishlari toʼgʼrisida maʼlumotlar berdi.

Tinglovchilar “Oʼzbekiston MET” АJ Milliy dispetcherlik markazida bir necha yillardan beri samarali foydalanib kelinayotgan zamonaviy raqamli texnologiya dasturlari bilan yaqindan tanishishdi. Sohadagi yagona texnologik aloqa tarmogʼi elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlashdagi texnologik jarayonlarni, tezkor dispetcherlik nazorati va elektr energetikasining ishlab chiqarish faoliyatini nazorat qilishni taʼminlashga moʼljallangan.

Oʼquv kursi davomida tinglovchilar Oʼzbekiston energotizimining ish jarayonlari toʼgʼrisida hamda ierarxik dispetcherlik boshqaruvi tizimining tuzilishi toʼgʼrisida oʼzlarini qiziqtirgan savollariga javoblar olishdi.

Taʼkidlash joizki, Oʼzbekiston energo tizimi qoʼshni davlatlar energotizimlari bilan parallel ravishda ishlaydi. Bu borada, sharqiy qismda Qirgʼiziston, markaziy qismida Qozogʼiston energotizimi, shimoliy qismida Qozogʼistondan Rossiya energotizimlari bilan bogʼlovchi 220 kV va 500 kV tarmoqlari orqali oʼzaro ulanuvchi bir butun yagona tizim sifatida ish olib boradi.

Oʼzbekiston energotizimi milliy dispetcherlik markazi boshqaruvi quyi pogʼonalari 5 qismga boʼlinadi:

- Toshkent hududiy dispetcherlik xizmati;

- Fargʼona hududiy dispetcherlik xizmati;

- Samarqand hududiy dispetcherlik xizmati;

- Taxiatosh dispetcherlik xizmati;

- Janubiy dispetcherlik xizmati.

Tadbirda shuningdek, “Oʼzbekgidroenergo” АJ ijro apparati Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi xizmati boshligʼi R. Vaxobov, gidroenergetika sohasida katta tajribaga ega boʼlgan mutaxassis Sanjar Oʼsarovlar ham ishtirok etdi.

Аmaliy tashrif doirasida tinglovchilarga energotizimda gidroelektr stantsiyalarning tutgan oʼrni va ahamiyati toʼgʼrisida maʼlumot berildi. Tinglovchilarda qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ularning energotizim ish rejimiga taʼsiri toʼgʼrisidagi maʼlumotlar katta qiziqish uygʼotdi.

Hamkorlar