Admin 16-03-2021 11:32 236

Qashqadaryo viloyati hamda elektr energiyasi tarmogʼida amalga oshiriladigan loyihalar koʼrib chiqildi

Qashqadaryo viloyati hamda elektr energiyasi tarmogʼida amalga oshiriladigan loyihalar koʼrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoev 15 mart kuni Qashqadaryo viloyatida hamda elektr energiyasi tarmogʼida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Qashqadaryo viloyatida hamma tarmoqlar boʼyicha salohiyat yuqori. Sanoat uchun zarur xomashyo resurslari, xizmat koʼrsatish uchun infratuzilma, qishloq xoʼjaligi uchun yer-suv va tajriba bor. Shulardan kelib chiqib, toʼqimachilik, qurilish materiallari, kimyo va oziq-ovqat sanoati, turizm, uzumchilik, bogʼdorchilik va chorvachilik asosiy “oʼsish nuqtalari” sifatida belgilab olingan.

Joriy yil uchun umumiy qiymati 11 trillion 300 milliard soʼm boʼlgan 1 ming 125 ta hududiy loyiha shakllantirilgan. Xususan, sanoat sohasida 296 ta, xizmat koʼrsatishda 449 ta, qishloq xoʼjaligi tarmogʼida 380 ta korxona tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bunda iqtisodiy samaradorlik va bandlikka alohida eʼtibor qaratilgan. Boʼlgʼusi korxonalarda yiliga 6 trillion soʼmlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Bu 131 million dollarlik import oʼrnini bosish, 180 million dollarlik eksport qilish imkonini beradi. 19 mingdan ziyod kishi ish bilan taʼminlanadi.

Masalan, paxta-toʼqimachilik klasterlari tomonidan 26 ta loyiha taklifi bildirilgan. Shundan 10 tasi tayyor mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan. Bularning natijasida paxta xomashyosini viloyatning oʼzida qayta ishlash darajasiga sezilarli oshadi. Birgina shu tarmoqda 7 ming 600 dan ziyod ish oʼrni tashkil etiladi.

Qashqadaryoda yiliga 106 ming tonna gipsokarton, 102 ming kvadrat metr kafelь va boshqa qurilish materiallariga talab bor. Lekin, kerakli xomashyo boʼlishiga qaramay, viloyatda bu mahsulotlar umuman ishlab chiqarilmas edi. Shu bois bu sohada bir nechta loyiha rejalashtirilgan.

Misol uchun, Chiroqchi tumanida 210 milliard soʼmlik loyiha evaziga gipsokarton, pardozbop toshlar, gazobeton, temir-beton konstruktsiyalar ishlab chiqarish moʼljallangan. Buning natijasida uy-joylar qurilishida 1 kvadrat metr tannarxini 25 foizgacha qisqartirish imkoniyati paydo boʼladi.

Shuningdek, Chiroqchi tumanida kafelь ishlab chiqarish, Shahrisabz shahrida granit va marmarni qayta ishlash boʼyicha loyihalar ham bor.

Qashqadaryoning togʼli tumanlari meva-sabzavot, uzum, kartoshka, kovrak kabi bozorbop mahsulotlar yetishtirishga, dasht hududlar chorvachilikka ixtisoslashtirilgan. Jumladan, Nishon tumanida chorva kompleksi tashkil etib, sutni qayta ishlash boʼyicha 110 milliard soʼmlik loyihaga kirishilgan. Bu majmuada 614 bosh naslli qoramol boqilib, yiliga 5 ming 760 tonna sut mahsulotlari tayyorlanadi. 230 nafar qishloq aholisi ishli boʼladi.

Shahrisabz tumanining togʼoldi qishloqlarida kartoshka va sabzavotlar yetishtirish loyihalari ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jahatdan muhim. Buning uchun aholiga yer ajratib berilib, mahsulotlar kooperatsiya asosida sotib olinadi. Hisob-kitoblarga koʼra, shu hududning oʼzidan viloyatda kartoshkaga boʼlgan talabning 34 foizini taʼminlash mumkin. Bu ishlarga 6 ming 500 dan ziyod aholini jalb etib, ularga daromad manbai yaratish maqsad qilingan.

Davlatimiz rahbari loyihalarni bir-biriga yaqin, ixcham joylashtirib, kommunikatsiya xarajatlarini kamaytirish, hududiy korxonalarni yirik sanoat tarmoqlari bilan bogʼlash boʼyicha koʼrsatmalar berdi. Har bir loyiha zamirida aholini ish bilan taʼminlash masalasi yotgani uchun ularga mablagʼlarni tezroq ajratish zarurligini taʼkidladi.

Taqdimotda joriy yilda elektr energetikasi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar ham koʼrib chiqildi.

Maʼlumki, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasiga boʼlgan talabi yildan-yilga ortib bormoqda. Buni taʼminlash maqsadida eskirgan podstantsiyalar va uzatish tarmoqlari bosqichma-bosqich yangilab kelinmoqda.

Xususan, bu yil magistral elektr tarmoqlari boʼyicha umumiy qiymati 140 million dollar boʼlgan 6 ta loyiha rejalashtirilgan. Ulardan biri 14 ta podstantsiyani modernizatsiya qilish loyihasidir. Buning samarasida Qoraqalpogʼiston Respublikasi va viloyatlarda jami 1 ming 430 MVt qoʼshimcha quvvat yaratiladi. Yana bir muhim jihati, ushbu podstantsiyalardagi yillik elektr energiyasi isrofi 1,5 million dollarga, taʼmirlashga sarflanadigan xarajatlar qariyb 16 million dollarga kamayadi. Hisobga olish tizimidagi xatoliklar barham topadi.

Qolgan 5 ta loyiha yangi podstantsiyalar va magistral elektr uzatish tarmoqlarini qurish hamda tiklashga qaratilgan.

Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish boʼyicha ham keng koʼlamli ishlar belgilangan. Xususan, 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlarini, 4 mingta transformatorni yangilash choralari koʼrilgan. Bu ishlar natijasida yurtimizdagi 5 ming 377 ta mahallaning elektr taʼminoti yaxshilanadi.

Prezidentimiz bu loyihalarning iqtisodiy samardorligi va ijtimoiy ahamiyatini alohida taʼkidlab, ularni sifatli bajarish, elektr energiyasi taʼminoti barqarorligini oshirish boʼyicha topshiriqlar berdi.

Hamkorlar