Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, saqlash, yetkazib berish va elektr energiyasi savdosi jarayonlarini buzadigan yoki ularga tahdid soladigan, shuningdek elektr energetikasi sohasining umumiy xavfsizligiga, tizimning ishonchliligiga yoki iste’molchilarning elektr ta’minotiga tahdid tug‘diradigan, elektr energetikasi korxonalarining nazorati ostidan chiqqan kutilmagan holatlar tufayli yuzaga keladigan avariya vaziyati elektr energetikasi sohasidagi favqulodda vaziyat hisoblanadi.
Elektr energetikasi sohasidagi favqulodda vaziyat maxsus vakolatli davlat organi tomonidan e’lon qilinadi.
Elektr energetikasi sohasida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda qo‘llaniladigan himoya choralari va tartib-taomillari maxsus vakolatli davlat organi tomonidan Energetika bozori regulyatori, uzatish tizimi operatori va taqsimlash tizimi operatori, shuningdek favqulodda vaziyat ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan boshqa tegishli vakolatli organlar bilan kelishilganidan keyin qabul qilinadi.
Elektr energetikasi sohasida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda qo‘llaniladigan barcha choralar vaqtinchalik xususiyatga ega bo‘lib, aholi, elektr energetikasi obyektlari va uskunalarning jisman xavfsizligiga bo‘lgan tahdidlarni bartaraf etish uchun qabul qilinadi. Ushbu choralar elektr ta’minoti tizimining ishlashiga aralashuvni imkon qadar kamaytirish uchun qat’iy zarur harakatlar bilan cheklanadi.
Ushbu bob qoidalari “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga zarar yetkazmagan holda qo‘llaniladi.
(O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 7-avgustdagi
“Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi Qonuni, 60-modda)