Admin 20-11-2024 11:46 101

Ishchi guruh Norin GESlar kaskadi qurilish obyektiga tashrif buyurdi

Namangan viloyati Norin daryosida umumiy quvvati 228 MVt bo‘lgan Norin GESlar kaskadi qurilishi loyihasi amalga oshirilmoqda.

“Milliy GES” shaklida ishga tushiriladigan mazkur loyiha to‘liq Jamiyat mablag‘lari hisobidan, mahalliy loyihalashtirish va pudrat tashkilotlarini jalb qilgan holda amalga oshiriladi.

Bugun, 19-noyabr kuni Jamiyat Boshqaruvi raisi A. Sanginov boshchiligidagi ishchi guruh Namangan viloyati Norin daryosida qurilishi boshlangan loyiha obyektiga tashrif buyurdi.

Loyiha obyektida 100 ga yaqin qurilish texnikasi jalb etilgan bo‘lib, quruvchilar tomonidan tasdiqlangan rejaga binoan yer tayyorlash, qurilish-betonlashtirish, qurilish-montaj ishlari jadal surʼatlarda olib borilmoqda.

Boshqaruv raisi tomonidan loyihalashtirish, qurilish va pudratchi korxonalar rahbariyati va masʼul xodimlari ishtirokida rejalashtirilgan qurilish ishlarining joriy hisoboti, 2024-yil boshidan hozirgi kunga qadar bajarilgan ishlar hamda noyabr oyi rejasining holati tahliliga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Tadbirda “Gidroproyekt” AJ, “Suvsanoatmash” AJ, “KFK KGESlar kaskadi” filiali, “Andijon GES” filiali, “Energo Sila” MChJ, “Energoresurs” MChJ, “Hisorak gidroqurilish” MChJ, “Gidrospetsmontaj” MChJ rahbariyati va masʼul xodimlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda:

- qurilish obyektida oktabr oyida bajarilgan ishlar natijasi hamda noyabr oyi rejalarining bajarilishi

- obyektni 2025-yilda ishga tushirish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar grafigi tahlili;

- qurilish-montaj ishlarining bosqichlari (suv olib keluvchi va chiqaruvchi kanallar, Norin GES-1 binosi va salt suv tashlama inshooti);

- zaruriy asbob-uskunalar va jihozlarning o‘z vaqtida yetkazib berilishi;

- gidroagregat va yordamchi qurilmalarning montaj ishlarini amalga oshirish grafigi tahlili;

- elektr qismlar va kabellar montaj ishlarining bajarilishi holati;

- yakuniy bosqichdagi sozlash, sinovdan o‘tkazish hamda ishga tushirish ishlari;

- ochiq taqsimlash qurilmalarini (OTQ-220 kVt) qurilish-montaj, sozlash, sinovdan o‘tkazish hamda ishga tushurish ishlari;

- elektr uzatish liniyalarida (LEP) qurilish-montaj, sozlash, sinovdan o‘tkazish hamda ishga tushirish ishlari to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish yakunida Boshqaruv raisi tomonidan loyihaga masʼul mutasaddilarga zaruriy topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Axborot xizmati

Hamkorlar