Admin 07-02-2022 11:17 135

Korrupsiya – jamiyat kushandasi

Korrupsiya – jamiyat kushandasi

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurdi. Bu borada, so‘nggi yillarda sohaga oid bir qancha konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Eng avvalo, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi bu boradagi ishlarni olib borishda muhim huquqiy hujjat bo‘ldi.

Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida korrupsiyaga qarshi kurashish, korrupsion holatlarning oldini olish, jamiyat va davlat ijtimoiy-iqtisodiy istiqbolining kushandasi sanalgan ushbu illatga qarshi murosasiz kurashishga qaratilgan muhim qarorlarning qabul qilinishi, shu asosda zaruriy chora-tadbirlarning qo‘llanilishi bugun o‘zining samarasini bermoqda.

Davlat rahbarining jamiyatni “halollik vaksinasi” bilan emlash borasidagi fikr-mulohazalari bu borada olib borilishi lozim bo‘lgan ishlarni yana-da mustahkamlash uchun asos bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tizimli ravishda olib borilishi lozim bo‘lgan faoliyatning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish maqsadida, 2017-yil 3-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi 419-son Qonuni qabul qilinib, faoliyatga tatbiq etildi. Qonunning maqsadi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan bo‘lib, korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari alohida qayd etilgan.

Shu o‘rinda, Prezidentimizning 2020-yilning 24-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga yo‘llagan Murojaatnomasida “Jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi”, deb bildirgan fikrlari ayni haqiqatdir.

Bu boradagi amaliy ishlarni yana-da takomillashtirish borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6013-son Farmoni qabul qilindi. Shuni alohida taʼkidlab o‘tish lozimki, mazkur Farmonga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tashkil etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi va uning hududiy kengashlari tashkil etildi. Bu sohada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-fevraldagi PQ-2752-son qarori bilan 2017-2018-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha birinchi Davlat dasturi, 2019-yilning 27-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5729-son Farmoni hamda Farmonda belgilangan topshiriq va vazifalarni o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan 2019-2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha navbatdagi Davlat dasturi tasdiqlangan bo‘lsa, 2021-yil 6-iyul kuni “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6257-son Farmoni bilan tasdiqlangan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022-yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturlari belgilandi.

Antikorrupsiyaviy islohotlarni amalga oshirish doirasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini, jamoat va parlament nazoratini taʼminlash mexanizmlari takomillashtirildi.

Shu bilan birga, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlari isloh qilindi.

Taʼkidlash joizki, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan mazkur ishlarni bajarilishi yuzasidan Jamiyatning tashkiliy tuzilmasiga tegishli tartibda o‘zgartirishlar kiritilib, ijro apparatida “Komplayens-nazorat” va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tashkil etildi. Bo‘lim tomonidan bugungi kunga qadar 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar, chora-tadbirlar rejalari ishlab chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6013-sonli Farmoni hamda ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurash boshqaruv tizimi. Foydalanish bo‘yicha ko‘rsatma va talablar” xalqaro standartini joriy qilishning ijrosini taʼminlash maqsadida “O‘zbekgidroenergo” AJ faoliyati “Cert International” MCHJ xalqaro sertifikatlashtirish organi tomonidan tegishli auditdan o‘tkazilib, natijada ISO 37001:2016 bo‘yicha milliy muvofiqlik va xalqaro sertifikatlar qo‘lga kiritildi.

“Komplayens-nazorat” va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi saʼy-harakati bilan ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurash boshqaruv tizimi. Foydalanish bo‘yicha ko‘rsatma va talablar” birlashtirilgan xalqaro standartlarni joriy qilish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-81-son Qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan Jamiyat hamda tizim korxona va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatiga oid samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash va ularni ilg‘or xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etish maqsadida Jamiyat Boshqaruvi raisining tegishli buyrug‘i qabul qilindi. Mazkur buyruq orqali Jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida tizim korxona va tashkilotlari faoliyati yuzasidan yagona mezon asosida xolisona baho va ularning natijadorligini baholash mexanizmlari ishlab chiqilishini taʼminlash borasida bir qator ishlarni amalga oshirish belgilandi.

Shu o‘rinda, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ilg‘or xorijiy tajriba, yaʼni dunyoviy kesimda qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, ular huquqiy jihatdan aksariyat davlatlar uchun muhim manba hisoblanadi. Xususan, BMT tomonidan 2000-yil 15-noyabrda qabul qilingan Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi Konvensiya, 2003-yil 31-oktabrda qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi Konvensiya, Yevropa Kengashining 1999-yil 27-yanvardagi “Korrupsiya uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida”gi Konvensiyasi, 1999-yil 4-noyabrdagi “Korrupsiyaga uchun fuqarolik huquqiy javobgarlik to‘g‘risida”gi Konvensiyasi qabul qilingan.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, mamlatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar xalqaro tashkilotlar tomonidan munosib baholab borilmoqda. Shu jihatdan, “Transparency International” xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan 2021-yil yanvar oyida eʼlon qilingan maʼlumotda 2020-yil bo‘yicha “Korrupsiyani qabul qilish indeksi” reytingida O‘zbekiston 180 ta davlat orasida 26 ball bilan 146-o‘rinni egallab, 7 pog‘onaga ko‘tarildi. Mamlakatimiz 2019-yilda 25 ball bilan 153-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2018-yilda ushbu ko‘rsatkich 23 ball bilan 158-o‘rinni tashkil etgan edi. Olib borilgan tizimli ishlar samarasida O‘zbekiston ikki yil ichida 12 pog‘onaga yuqorilab, Markaziy Osiyo mintaqasida korrupsiyaga qarshi kurashishda ijobiy ko‘rsatkichlarni qayd etdi.

Aytish lozimki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirildi. Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralar, amaliy saʼy-harakatlar ko‘rilmoqda.

Sh. KARATAYEV, A. TO‘RAYEV,

 “Komplayens-nazorat” va korrupsiyaga

 qarshi kurashish bo‘limi

http://uzgidro.uz/news/view/2244

Hamkorlar