Xalqaro mehnat tashkiloti (International Labour Organization, ILO) ning tashabbusi bilan 2003-yildan boshlab 28-aprel sanasi “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” dunyoning 120 dan ortiq davlatlarida barcha turdagi davlat idora va tashkilotlarida kasb bayrami sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Ushbu sana munosabati bilan turli tadbirlar tashkil etilib, ish joylarida sodir bo‘layotgan baxtsiz xodisalar va kasb kasalliklariga chalinishning oldini olish hamda mehnat muhofazasi masalalariga eʼtiborni yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar qabul qilinib, turli mavzularda tadbirlar o‘tkazib kelinadi.
Mamlakatimizda ham xodimlar (har bir shaxs) xavfsiz va qulay, adolatli mehnat sharoitlarida ishlashlarining huquqiy asosi sifatida Bosh Qomusimizning 37-moddasida mustahkamlanib qo‘yilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunida, boshqa bir qator qonunlar va qonun osti meʼyoriy hujjatlarida belgilangan.
Xodimlar ish vaqtida xavfsiz mehnat sharoitida mehnat qilish huquqlari mehnat muhofazasiga oid talablar va standartlar Mehnat kodeksi, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari asosida ishlab chiqariladigan korxona va tashkilotlarning ichki mehnat tartibi qoidalari, jamoa shartnomalari, tarmoq kelishuvlari, korxona va tashkilotlarning boshqa ichki normativ-huquqiy hujjatlarida, muayyan soha, kasb, ish joylariga oid bo‘lgan mehnat muhofazasi standartlarida belgilab qo‘yilgan.
Bu borada, barcha korxona va tashkilotlarda o‘z xodimlari uchun munosib mehnat sharoitini yaratish, xavfsizlik texnikasi choralarini ko‘rish, mehnatni muhofaza qilish xizmatlarini tashkil etish, boshqa tashkiliy-texnik tadbirlarni amalga oshirish shart.
Taʼkidlash lozimki, “O‘zbekgidroenergo” AJda ham tegishli tartibda tizim korxona va tashkilotlarida mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarga belgilangan xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish borasida barcha amaliy ishlar, muhim va zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, 28-aprel – “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” munosabati hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2022-yil 28-fevraldagi 14/9-1-sonli ko‘rsatmasi ijrosini taʼminlash, kelgusida tizim korxonalarida ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalarning oldini olish, ishlovchilar uchun sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yanada yaxshilash, inson qadrini ulug‘lash – Jamiyatimizda mehnat jarayonida har bir xodim xavfsizligi, hayoti va sog‘ligi, ish qobiliyati saqlanishini taʼminlash maqsadida Boshqaruv raisining tegishli buyrug‘i qabul qilindi.
Mazkur buyruqqa ko‘ra, “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibidagi tizim korxonalarida sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishni yanada yaxshilash maqsadida joriy yilning 25-aprelidan 25-mayigacha bo‘lgan “Ish reglamenti”ga muvofiq mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni”ga bag‘ishlangan ko‘rik-tanlov o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, bu borada barcha tizim korxonalarida ko‘rik-tanlovning belgilangan shartlari asosida tadbirlar tashkil etilmoqda.
Ko‘rik-tanlov shartlariga ko‘ra, doimiy ravishda – mehnatni muhofaza qilishga doir qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, jamoa shartnomasi va bitimlar, tashkilotning boshqa lokal normativ hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish; o‘sib kelayotgan yosh avlodda munosib va xavfsiz mehnatni tashkil etish tushunchalarini shakllantirish maqsadida ko‘rgazmali materiallarni tayyorlash, mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi sohasida tashkilot xodimlarini o‘qitish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tadbirlari tizimli ravishda olib borilishini taʼminlash belgilab berilgan.
https://uzgidro.uz/news/view/2619