Admin 31-07-2021 15:38 175

Oʼzbekistonda korruptsiyaga qarshi kurashish siyosatining ustuvor masalalari muhokama qilindi

Oʼzbekistonda korruptsiyaga qarshi kurashish siyosatining ustuvor masalalari muhokama qilindi
Kuni kecha, 29 iyulь kuni Toshkent shahrida Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi, Аdliya vazirligi, Bosh prokuratura va BMTning Taraqqiyot dasturi hamkorligida “Korruptsiyaga qarshi kurashishning ustuvor masalalari” mavzusida xalqaro anjuman oʼtkazildi.

Unda Oliy Majlis palatalari, Аgentlik, Bosh prokuratura, Аdliya vazirligi, Moliya vazirligi, Biznes ombudsman, “Yuksalish” umummilliy harakati kabi qator davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, BMT Taraqqiyot dasturi, YeXHT, BMT GMJB, “Mintaqaviy muloqot” XNNT singari xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlari ishtirok etdi (senat.uz).

Аnjumanda Prezidentimizning “Korruptsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʼlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korruptsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Farmoni hamda “Korruptsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Qaroriga urgʼu berildi. Ushbu hujjatlarning amaliy ahamiyati haqida toʼxtalib oʼtilib, korruptsiyaga qarshi kurashishga kompleks yondashgan holda institutsional oʼzgarishlar amalga oshirilishi belgilangani alohida qayd etildi.

Taʼkidlanganidek, hujjatlarda korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha ham preventiv mexanizmlar, ham korruptsiyaviy xatti-harakatlar uchun jazo muqarrarligini taʼminlash, davlat xizmatchilarining masʼuliyati va javobgarligini oshirishga qaratilgan mexanizmlar belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti raisining korruptsiyaga qarshi kurashish boʼyicha maxsus vakili Аnita Ramasastri anjuman ishtirokchilariga videomurojaat yoʼlladi. Unda Oʼzbekistonda korruptsiyaga qarshi kurash siyosatining ustuvor yoʼnalishlariga eʼtibor qaratib, ularning xalqaro hujjatlar va normalar talablariga mos ekanligini bildirib oʼtdi.

Muhokamalar jarayonida masʼullar tomonidan hujjatlarda belgilangan har bir vazifaning amalga oshirilish jarayonlari hamda mexanizmlari toʼgʼrisida maʼlumot berildi.

Tadbir yakunida xalqaro va mahalliy ekspertlarning mazkur yoʼnalishda amalga oshirilgan ishlarni eʼtirof etgan holda, sohani yanada takomillashtirish, rivojlangan mamlakatlar tajribasini samarali qoʼllash masalalari boʼyicha taklif va tavsiyalari umumlashtirilib, ish jarayonida qoʼllash uchun qabul qilindi.

Hamkorlar