OʼZBEKISTONDА SUNIY INTELLEKT TEXNOLOGIYALАRI JORIY ETILАDI
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 17 fevraldagi “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-4996-sonli Qarori qabul qilindi.
Ushbu hujjat bilan 2021-2022 yillarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini oʼrganish va joriy etish boʼyicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Uning asosiy yoʼnalishlari quyidagilar hisoblanadi:
- Sunʼiy intellektni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish;
- normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish;
- sunʼiy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanish;
- sunʼiy intellekt sohasida innovatsion ishlanmalarning mahalliy ekotizimini yaratish;
- sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʼllovchi dasturiy taʼminot ishlab chiquvchilariga raqamli maʼlumotlardan foydalanish uchun sharoit yaratish;
- sunʼiy intellekt sohasidagi ilmiy ishlar va ishlanmalarning investitsion jozibadorligini shakllantirish;
- mahalliy korxonalar va mutaxassislarning sunʼiy intellekt sohasidagi axborot resurslari va bilimlardan foydalanish imkoniyatini taʼminlash;
- sunʼiy intellekt va uni qoʼllash texnologiyalari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
Sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʼyicha 2021-2022 yillarda amalga oshiriladigan tajriba-sinov loyihalar roʼyxati tasdiqlandi. Ushbu loyihalar quyidagi sohalarda amalga oshiriladi:
- qishloq xoʼjaligi sohasida yerni masofadan zondlash maʼlumotlari asosida tuproq va qishloq xoʼjaligi ekinlari holatini, shuningdek qishloq xoʼjaligi texnikasi, shu jumladan, kombaynlar ishini monitoring qilish jarayonida;
- bank sohasida tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish samaradorligini oshirish va ular tomonidan tartibga solish talablari (SubTech va RegTech) bajarilishini soddalashtirish, shuningdek bank xizmatlari koʼrsatish sifatini tahlil qilish, foydalanuvchilarni masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) va kredit tavakkalchiliklarini baholash uchun;
- moliya sohasida byudjet xarajatlari, pensiya, ijtimoiy va sugʼurta toʼlovlari, shuningdek nafaqa toʼlovlarini tahlil qilish va samaradorligini oshirish uchun;
- soliq sohasida yuridik shaxslarning soliq tushumlarini tahlil qilish, soliq toʼlovlaridagi tafovutlarni aniqlashda;
- transport sohasida lokomotivlarni boshqarish jarayonida ularning harakatini kuzatib borish va xavfli vaziyatlarda mashinistlarni ogohlantirishda, jamoat transporti harakatini tahlil qilish va ularning optimal yoʼnalishlarini aniqlashda, shuningdek avtomobilь harakatini va transportdagi tirbandliklarni monitoring qilishda;
- energetika sohasida energiya resurslarini ishlab chiqarish va ularning isteʼmolini prognoz qilishda, texnologik uskunalar ishini optimallashtirishda;
- sogʼliqni saqlash sohasida inson oʼpkasining kompьyuter tomografiyasi tahlili asosida pnevmoniyani aniqlash hamda mammografiya tahlili asosida koʼkrak bezi saratoniga ilk bosqichda tashxis qoʼyish uchun;
- farmatsevtika sohasida bozorning dori vositalari va tibbiy buyumlariga boʼlgan ehtiyojlarini tahlil qilish va prognozlashtirishda;
- elektron hukumat sohasida elektron davlat va moliya xizmatlarini koʼrsatishda foydalanuvchilarni masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) uchun.
“Raqamli Oʼzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish boʼyicha muvofiqlashtirish komissiyasiga Dasturni hamda sunʼiy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish va qoʼllash bilan bogʼliq boshqa tashabbuslarni kompleks muvofiqlashtirish yuzasidan javobgarlik yuklandi. Muvofiqlashtirish komissiyasiga 2021 yil 1 dekabrga qadar yaqin va uzoq istiqbolga moʼljallangan Sunʼiy intellektni rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash uchun kiritish topshirildi.
Shuningdek, quyidagilar tashkil etiladi:
- Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti;
- Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi markaziy apparati tuzilmasida Sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish va rivojlantirish departamenti;
- Sunʼiy intellektni rivojlantirish boʼyicha qoʼshma alьyans.
Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat statistika qoʼmitasiga 2021 yil 1 sentyabrga qadar mahalliy ilmiy tashkilotlar va oliy taʼlim muassasalari hamda axborot texnologiyalari sohasidagi dasturchilar va tashkilotlarga sunʼiy intellekt asosidagi dasturiy taʼminotda foydalanish uchun davlat va boshqa maʼlumotlar toʼplamlarini olish imkoniyatini taqdim etuvchi raqamli maʼlumotlar platformasini yaratish topshirildi.
Quyidagilar tasdiqlandi:
- 2021/2022 oʼquv yilidan boshlab grant asosida “Sunʼiy intellekt” yoʼnalishi boʼyicha kadrlar tayyorlash bosqichma-bosqich boshlanadigan oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlar roʼyxati;
- Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimida sunʼiy intellekt texnologiyalarini amaliy qoʼllash boʼyicha oʼquv kurslari va fanlarini joriy qilish koʼzda tutilgan oliy taʼlim muassasalari roʼyxati.
- 2021/2022 oʼquv yilidan boshlab har bir oliy taʼlim muassasasiga yetakchi xorijiy ekspert va olimlar sunʼiy intellekt va uni qoʼllash texnologiyalari sohasida oʼqitishda ishtirok etish uchun jalb qilinadi. Shuningdek 2021 yildan boshlab sunʼiy intellekt sohasida stajyor-tadqiqotchilar hamda tayanch doktoranturada tahsil olish uchun har yili 5 kishilik kvotani maqsadli ajratish nazarda tutiladi.
Sunʼiy intellektni rivojlantirish hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatida, shuningdek ushbu sohada normativ-huquqiy bazani tayyorlashda maslahatchi sifatida qatnashish uchun “Sber” guruhining (Rossiya) yetakchi mutaxassislari va ekspertlari jalb qilinadi.