Qishloq va mahallalarni obod qilish boʼyicha ishlar belgilab olindi_________________________________________
Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 24 mart kuni “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʼilishi oʼtkazildi.
Maʼlumki, davlatimiz rahbarining 2018 yildagi farmonlari bilan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari qabul qilingan edi. Ushbu dasturlar doirasida 5 millionga yaqin yurtdoshimiz yashaydigan 1 ming 200 ta mahalla va qishloqdagi sharoitlar yaxshilandi. Lekin oʼtgan yili koronavirus pandemiyasi tufayli bu boradagi ishlar vaqtincha toʼxtatilgan edi.
Bugungi kunda yurtimizda sharoiti ogʼir boʼlgan 796 ta qishloq va shaharlarda 188 ta mahalla mavjud. 4 mingdan ziyod mahallaning elektr taʼminoti qoniqarsiz ahvolda.
Qishloqlarga infratuzilma borsagina, hayot sifati oʼzgaradi, tadbirkorlik rivojlanadi. Shu sababli, bu yil “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari yangi yondashuvlar asosida shakllantirildi. Аholi talablaridan kelib chiqib, 206 ta tuman va shahar hokimlari, yoʼl, elektr taʼminoti, kommunal xizmat va tadbirkorlikka masʼul rahbarlar bilan birma-bir gaplashilib, 8 mingta mahallada bajarilishi lozim boʼlgan ishlar belgilab olindi. Bunda, obodonchilik bilan bir qatorda ish oʼrinlari tashkil etish, aholini kambagʼallikdan chiqarish masalalari ham koʼzda tutilgan.
Yigʼilishda shu boradagi amaliy ishlar muhokama qilindi. Bu yil mazkur dasturlar doirasidagi ishlarga jami 21 trillion soʼm yoʼnaltirilishi qayd etildi.
– Ogʼir inqirozdan chiqqan yilimiz, tashqi qarz jalb etmasdan, shuncha mablagʼ ajratayapmiz. Bunaqa imkoniyat Oʼzbekiston tarixida boʼlmagan. Lekin bu pulni loyiha bilan, halol-pok ishlatib, elga munosib sharoit yaratish kerak, – dedi Prezident.
Taʼkidlanganidek, bundan buyon “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga qaysi mahalla yoki qishloq kirishini mahalliy kengashlar belgilaydi. Tuman va shahar hokimining iqtisod, qurilish va mahalla masalalari boʼyicha oʼrinbosarlari zarur mablagʼlar va amalga oshiriladigan ishlarni aniq hisob-kitob qilib, mahalla raisi bilan birga, hududiy kengashlarda himoya qiladi.
Mahalliy kengashlar har bir mahalla kesimida ijtimoiy soha, ichimlik suvi, yoʼl-transport va infratuzilma obʼektlari manzilli dasturini tasdiqlaydi. Qurilish vazirligi hokimliklar bilan birga ularning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishga masʼul boʼladi.
Shu tartib asosida, joriy yilgi dasturga kiritiladigan mahalla va qishloqlar, ularda tadbirkorlikni rivojlantirishga oid masalalar oʼtgan haftada barcha tuman va shahar kengashlarida belgilab olindi.
Yigʼilishda Vazirlar Mahkamasi va viloyat hokimliklariga oʼn kun muddatda dasturga kiritilgan barcha qishloq va mahallalarda qurilish ishlarini boshlash vazifasi qoʼyildi.
Ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli ogʼir 325 ta qishloq va 71 ta mahallani kompleks rivojlantirish masalalariga alohida toʼxtalib oʼtildi. Ularda ichimlik suvi va elektr tarmoqlari, ichki yoʼllar, ijtimoiy obʼektlar qurish hamda taʼmirlash uchun 3 trillion 300 milliard soʼm ajratilishi belgilandi.
Shuningdek, 2 ming 721 ta mahalladagi 10 ming kilometrdan ortiq ichki yoʼllarni taʼmirlashga 2 trillion soʼm, 500 ta mahallaga 4 ming kilometrdan ortiq ichimlik suvi tarmogʼi tortish uchun 1 trillion soʼm ajratiladi.
Elektr taʼminotini yaxshilash dolzarb ekanini hayotning oʼzi koʼrsatmoqda. Shu bois, 5 ming 377 ta mahalladagi 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 4 mingdan ortiq transformatorni yangilash belgilanmoqda. Bu yurtimizdagi mahallalarning 60 foizi demakdir. Ushbu chora-tadbirlarga qariyb 2 trillion 100 milliard soʼm yoʼnaltirilishi aytildi.
Bundan tashqari, Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan birga, “qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida Fargʼona, Аndijon, Namangan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi 21 ta tuman, 60 ta qishloqda 485 milliard soʼmlik loyihalar boshlanadi.
Mutasaddilarga mablagʼlardan samarali foydalanib, belgilangan barcha ishlarni 1 noyabrga qadar yakunlash vazifasi qoʼyildi.
Uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish vazirligiga ichki yoʼllar, yoʼlaklar, ijtimoiy obʼektlar va koʼp qavatli uy-joylarning ekspluatatsiya tizimini yaxshilash boʼyicha topshiriq berildi.
Yigʼilishda aholi bandligini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
– “Obod qishloq” va “Obod mahalla” deganda, nafaqat ularning yoʼli yoki qiyofasi yaxshilanishi, balki u yerda yashovchi aholining daromadi koʼpayishi, ijtimoiy obʼektlar toʼliq ishlashi kerak. Eng asosiysi, haqiqiy obod mahallada “temir daftar”, “ayollar” va “yoshlar” daftarlari boʼlmasligi lozim. Buning uchun, tadbirkorlar bilan maslahatlashib, ishlab chiqarishlarni tashkil etish, yangi ish oʼrinlari yaratish zarur. Sarflangan har bir soʼm investitsiya odamlarimizga uch baravar koʼp foyda keltirishi, ularning daromadini oshirishga xizmat qilishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Shu bois tadbirkorlik va bandlik dasturlarini mahallaga bogʼlab, 500 ming nafar yoshlar va 200 ming ayollarni ish bilan taʼminlash, “temir daftar”ga kiritilgan 300 ming nafar aholini kambagʼallikdan chiqarish maqsad qilib qoʼyildi.
Buning uchun joriy yilda “Oilaviy tadbirkorlik” dasturlari uchun 9 trillion soʼm resurs yoʼnaltirilishi, shuningdek, 1 trillion soʼm mablagʼ evaziga 128 ta mahallada kichik sanoat zonalari tashkil etilishi aytildi.
Bosh vazir oʼrinbosarlari, Savdo-sanoat palatasi raisi va Biznes-ombudsmanga tadbirkorlar bilan muntazam uchrashuvlar oʼtkazib, muammolarini hal qilib borish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Dasturlarda ijtimoiy sohalarni rivojlantirish chora-tadbirlari ham belgilangan. Xususan, “Obod qishloq” dasturi doirasida 379 ta maktab, 171 ta maktabgacha taʼlim va 161 ta tibbiyot muassasasini, “Obod mahalla” dasturi doirasida 57 ta maktab, 37 ta bogʼcha va 15 ta tibbiyot maskanini qurish-taʼmirlash ishlari olib boriladi.
Sogʼliqni saqlash vazirligiga “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga kirgan aholi punktlarining “tibbiy xaritasi”ni shakllantirish vazifasi qoʼyildi.
Sektor rahbarlari oʼz hududida bajarilayotgan ishlar boʼyicha mahalliy kengashlarda hamda ommaviy axborot vositalari orqali aholiga hisobot berishi zarurligi aytildi.
Yigʼilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir oʼrinbosarlari, vazirlar va hokimlar axborot berdi.