YOSHLАR UCHUN KENG MULOQOT MАYDONI
Pskom GES qurilish obʼektida davom etayotgan oʼquv-amaliy seminari hamkor oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun nafaqat gidrotexnik inshootlar qurilishi jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoni, balki institutlararo sohaviy yoʼnalishda ilmiy-amaliy tajriba almashish va keng muloqot olib borishga mustahkam zamin boʼldi.
Shu oʼrinda, mazkur oʼquv seminarida Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi Jamiyat boshlangʼich tashkiloti masʼullari tomonidan ham amaliy muloqotlar olib borildi. Talabalar bilan Jamiyat yoshlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash, ilmiy izlanishlarida zarur boʼlgan amaliy-tajribaviy koʼmak berish, uzviy hamkorlikda izchil faoliyatni olib borish yuzasidan oʼzaro fikr-mulohaza almashildi. Talaba-yoshlarning innovatsion tashabbuslarini, istiqbolli loyihalarini qoʼllab-quvvatlash borasida kelishuvlarga erishildi.
“Bugungi oʼquv-amaliy seminarini yuqori darajada tashkillashtirishdan asosiy maqsad iqtidorli talabalarni sohada amalga oshirilayotan islohotlar bilan yaqindan tanishtirish hamda izchil hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat. Ushbu loyihamiz davomli boʼladi. Mazkur oʼquv-amaliy seminarini oʼtgan yildan eʼtiboran amalga oshirish nazarda tutilgan edi. Pandemiya sababli, mazkur tadbirlarimiz belgilangan muddatidan kechiktirib turildi. Biz yoshlar bilan ilmiy-amaliy ruhda keng muloqotlar olib borish, ularning takliflari, fikr-mulohazalari yuzasidan izchil hamkorlik qilishga doim tayyormiz, – deydi Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi Jamiyat boshlangʼich tashkiloti raisi Bekzod Umirov.